
Pavilyonda mamlakatning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish borasida amalga oshirayotgan ishlari hamda istiqboldagi loyihalari xalqaro hamjamiyatga taqdim etiladi. Milliy pavilyon O‘zbekistonning erishgan natijalarini namoyish etish bilan birga, yangi xalqaro hamkorlar va moliyaviy resurslarni jalb etish maydoniga ham aylanadi. Unda iqlimiy moliyalashtirish, suv xavfsizligi, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurash, yashil energetika, energiya samaradorligi, chiqindilarni boshqarish, havo sifatini yaxshilash va barqaror shaharlarni rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarga e’tibor qaratiladi.
COP31 O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyoning umumiy ekologik va iqlimiy muammolarini xalqaro maydonda muhokama qilish uchun ham muhim imkoniyatdir. Suv resurslari, cho‘llanish, yerlarning degradatsiyasi, ekotizimlar va bioxilma-xillikni muhofaza qilish kabi masalalar mintaqa davlatlarining birgalikdagi harakatlarini talab etadi. Shu sababli Milliy pavilyon O‘zbekistonning yutuqlarini namoyish etish bilan birga, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi platforma vazifasini ham bajaradi.
Antaliyadagi COP31 O‘zbekistonga nafaqat global iqlim jarayonida faol ishtirok etish, balki o‘z tajribasi, tashabbuslari va amaliy yechimlarini xalqaro hamjamiyatga taklif etish imkonini beradi. Milliy pavilyon orqali mamlakat iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar haqida gapirish bilan cheklanmay, ularni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalarni ham namoyish etadi. Asosiy maqsad — iqlimiy harakatlarni faqat majburiyat sifatida emas, balki rivojlanish, innovatsiya, xalqaro hamkorlik va aholi hayot sifatini yaxshilash uchun muhim imkoniyat sifatida ko‘rsatishdir.
https://gov.uz/oz/eco/news/view/219519
