
Tadbirda Markaziy va Shimoliy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Rossiya, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Ozarbayjon, Xitoy, Koreya Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekistondan davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston nomidan tadbirda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘zbekiston tomonining yerlarni tiklash sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha pozitsiyasi ham taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston uchun yerlarning degradatsiyaga uchrashi va cho‘llanish nafaqat ekologik muammo, balki suv va oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq aholisi daromadlari hamda mamlakat iqtisodiy barqarorligi bilan bevosita bog‘liq masalalardir.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston alohida loyihalarni amalga oshirishdan o‘lchab bo‘ladigan natijalar, zamonaviy texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar va investitsiya mexanizmlariga asoslangan degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashning mintaqaviy tizimini shakllantirishga o‘tishni taklif etdi.
Alohida e’tibor to‘rtta amaliy yo‘nalishga qaratildi. Birinchi yo‘nalish — Markaziy va Shimoliy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarining qurg‘oqchil va dasht ekotizimlarini tiklash borasidagi tajribasini birlashtirishni nazarda tutuvchi «Aral–Gobi Partnership» hamkorligini tashkil etish. Ikkinchi yo‘nalish — Markaziy Osiyoda Yaylov yerlari bo‘yicha ma’lumotlarni qayta ishlash markazi mexanizmini ishga tushirish. Ushbu mexanizm yaylovlarni tiklash loyihalarini moliyalashtirishni tasdiqlangan ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy natijalar bilan bog‘lash imkonini beradi.
Uchinchi yo‘nalish sifatida yerlarni tiklash loyihalari natijalarini qiyosiy baholash imkonini beruvchi yagona mintaqaviy MRV standartini shakllantirish taklif etildi. Bunday yondashuv sun’iy yo‘ldosh monitoringini tanlab o‘tkaziladigan dala tekshiruvlari bilan uyg‘unlashtirishni, bunda nafaqat tiklangan hududlar maydoni, balki o‘simlik qoplami, tuproq holati, suv balansi, yaylovlarning mahsuldorligi hamda ijtimoiy-iqtisodiy samarani ham hisobga olishni nazarda tutadi.
To‘rtinchi yo‘nalish ilmiy ishlanmalarni investitsiyaga tayyor loyihalarga aylantirish bilan bog‘liq. «Green University» negizida “Qurg‘oqchil yerlar” loyihasi laboratoriyalarini, shuningdek, yerlarni tiklash sohasidagi mintaqaviy loyihalar portfelini shakllantirish uchun Markaziy Osiyoda yer loyihalarini tayyorlash markazini tashkil etish taklif qilindi.
Muloqot davomida davlatlar, ilmiy muassasalar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va investorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bunday yondashuv mavjud texnologiyalar, ilmiy bilimlar va amaliy tajribani birlashtirib, degradatsiyaga uchragan yerlarni keng ko‘lamda tiklash imkonini beradi.
Muhokamalar yakunida ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda Shimoliy va Markaziy Osiyoning qurg‘oqchil va dasht ekotizimlari barqarorligini oshirishga qaratilgan amaliy yechimlarni ilgari surish muhimligini tasdiqladilar.
https://gov.uz/oz/eco/news/view/210828
