«Green University» va ICBA yangi laboratoriya tashkil etadi

«Green University» va ICBA yangi laboratoriya tashkil etadi

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (Green University) universitet rektori, professor Baxtiyor Po‘latov va Xalqaro biosho‘rlangan qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) delegatsiyasi rahbari, bosh direktor Tarifa Alzaabi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Tomonlar barqaror qishloq xo‘jaligi, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion yechimlarni joriy etish sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri universitet bazasida spirulina yetishtirish va o‘rganishga ixtisoslashgan laboratoriya tashkil etishdir. Spirulina — barqaror qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiya sohalarida katta salohiyatga ega bo‘lgan mikro suv o‘ti hisoblanadi. Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasining degradatsiyaga uchragan yerlarida barqaror agro-ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish tashabbusi doirasida amalga oshiriladi. Bu hududlarda tuproqni tiklash va resurslardan oqilona foydalanish masalalari, ayniqsa, dolzarb hisoblanadi.

Muzokaralar davomida tomonlar zamonaviy ilmiy infratuzilma asosida laboratoriya tashkil etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va tadqiqotlarda innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Laboratoriyani ilg‘or uskunalar bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratildi, bu uskunalarni ICBA ko‘magida grant asosida jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi mintaqalarning ekologik barqarorligini ta’minlash, mamlakat ilmiy salohiyatini rivojlantirish va yangi avlod malakali mutaxassislarini tayyorlashga muhim hissa qo‘shishi kutilmoqda. Bundan tashqari, ICBA bilan hamkorlik o‘zbek ilmiy muhitini global tadqiqot tarmoqlariga integratsiya qilishga va ilg‘or ekologik yechimlarni amaliyotga tezroq joriy etishga xizmat qiladi.

https://gov.uz/oz/eco/news/view/161299

Scroll to Top