Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit tadqiqotlari markazini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit tadqiqotlari markazini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti bosh direktori Chjan Yuanmin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit tadqiqotlari markazining kelgusidagi faoliyatini shakllantirish bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy hamda tuzilmaviy masalalar, shuningdek, ilmiy-ekologik sohada ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Markazni tashkil etishning ehtimoliy modellari, uning kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich rivojlantirish, jumladan, doimiy va loyiha asosidagi lavozimlarni aniq chegaralash, shuningdek, kelajakdagi tuzilmaning moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda samarali faoliyat yuritish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.

Xitoy tomoni Markaz faoliyatini investitsiyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdi. Xususan, loyiha moliyalashtiruvi doirasida Markazni zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash masalasi ko‘rib chiqildi. O‘z navbatida O‘zbekiston tomoni zarur infratuzilmani ta’minlash hamda Markazning to‘laqonli ishlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Shinjon ekologiya va geografiya institutining 2026-yilga mo‘ljallangan ish dasturi taqdim etildi. Mazkur hujjatda Markazni ro‘yxatdan o‘tkazish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ilmiy salohiyatni oshirish, kadrlar tayyorlash hamda faoliyatni axborot jihatdan yoritish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Muhokamalarning alohida qismi geografiya, ekologiya, qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarning tabiiy resurslari, barqaror rivojlanish hamda mintaqaviy tadqiqotlarga ixtisoslashgan xalqaro nufuzli ilmiy jurnallar – «Regional Sustainability» va «Journal of Arid Land» nashrlarining mahalliy tahririyatini tashkil etish istiqbollariga bag‘ishlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqlab, erishilgan kelishuvlarni yanada chuqur ishlab chiqish bo‘yicha kelishib oldilar.

https://gov.uz/oz/eco/news/view/121482

Scroll to Top