Orolbo‘yi hududidagi suv-botqoq yerlarni tiklashning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi

Orolbo‘yi hududidagi suv-botqoq yerlarni tiklashning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi

oshkent shahrida Orol dengizi havzasidagi ko‘llar, suv-botqoq yerlar va qirg‘oq ekotizimlarini saqlash hamda barqaror boshqarish bo‘yicha qo‘shma loyihaning 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyiha Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik fond ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilish ishtirokchilari 2026-yilning I choragi yakunlarini sarhisob qildilar. Muvofiqlashtirish kuchaygani va amaliy bosqichga o‘tilgani qayd etildi. Xususan, degradatsiyaga uchragan yerlarda saksovul ekish ishlari boshlandi — bu cho‘llanishga qarshi kurashda muhim choradir.

Shuningdek, 757 ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarishni takomillashtirish, bioxilma-xillikni asrash hamda yer degradatsiyasining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

“Loyiha amaliy natijalar bosqichiga chiqmoqda. Kuchli jamoa va hamkorlar qo‘llab-quvvatlovi orqali real ta’sirga erishish imkoniyati paydo bo‘ldi, — dedi tadbirda nutq so‘zlagan Ekologiya qo‘mitasi rais o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, — muhim qadamlardan biri — fermerlar va mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mikrograntlar dasturini ishga tushirishdir”.

Asosiy ustuvor yo‘nalishlar qatoriga mikrograntlar mexanizmini joriy etish, ecodata.uz raqamli platformasini rivojlantirish hamda rejalashtirilgan tadbirlarni jadallashtirish kiradi. Dastur tabiiy resurslardan barqaror foydalanishni ta’minlab, muhim ijtimoiy-iqtisodiy natijalarga, jumladan, xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda: o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda, zamonaviy raqamli monitoring vositalari joriy qilinmoqda hamda aholining ekologik xabardorligi izchil oshirilmoqda.

Shuningdek, suv resurslarini boshqarishda ilmiy yondashuv muhimligi ta’kidlandi. Qarorlar samaradorligini oshirish maqsadida suv-botqoq yerlar holatini modellashtirish rejalashtirilmoqda.

Ishtirokchilar hamkorlikni kengaytirish va xalqaro ekologik tadbirlarda faol ishtirok etish zarurligini qayd etdilar. Jumladan, «Eco Expo Central Asia 2026» hamda GEFning 8-Assambleyasida ishtirok etish rejalashtirilmoqda.

https://gov.uz/oz/eco/news/view/152882

Scroll to Top