O‘zbekiston “Leaders for Nature” sammitida bioxilma-xillikni asrashga doir uch xalqaro tashabbusni ilgari surdi

O‘zbekiston “Leaders for Nature” sammitida bioxilma-xillikni asrashga doir uch xalqaro tashabbusni ilgari surdi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi delegatsiyasi Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida Armanistonning Yerevan shahrida BMTning Bioxilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyasi Tomonlarining 17-konferensiyasi (CBD COP17) doirasida o‘tkazilgan “Leaders for Nature” bioxilma-xillik masalalari bo‘yicha yetakchilar sammitida ishtirok etdi.

Sammit kun tartibidan Kunmin–Monreal global bioxilma-xillik doiraviy dasturini amalga oshirish, COP17 doirasida uning bajarilishi bo‘yicha ilk global tahlilni tayyorlash, milliy hisobot tizimini takomillashtirish, moliyaviy resurslarni safarbar etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari o‘rin oldi.

Tadbirda davlat va hukumat rahbarlari, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, xalqaro va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari rahbarlari ham qatnashdi. Ishtirokchilar ekotizimlarni tiklash, noyob turlarni asrash, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini moliyalashtirishni kengaytirish hamda bioxilma-xillik sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha amaliy choralarni muhokama qildi.

Global doiraviy dasturning asosiy maqsadlaridan biri 2030-yilga qadar quruqlik, ichki suv havzalari, qirg‘oqbo‘yi va dengiz hududlarining kamida 30 foizini samarali muhofaza qilish va boshqarishni ta’minlashdan iborat.

Aziz Abduhakimov o‘z nutqida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tabiatni muhofaza qilish sohasidagi islohotlar natijalarini taqdim etdi. Xususan, mamlakatdagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ulushi 2016-yildagi 4 foizdan qariyb 15 foizga yetkazildi.

“Biomeros” dasturi doirasida ushbu ko‘rsatkichni 2030-yilga qadar 20 foizga, 2035-yilga qadar esa 30 foizga yetkazish bo‘yicha milliy maqsadlar belgilangan.

Shuningdek, davlat ekologik nazorati tizimini mustahkamlash, Ekopolitsiyani tashkil etish va tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarimalarni 40 foizga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bioxilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya bo‘yicha Yetinchi milliy ma’ruzaning tayyorlangani hamda tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini moliyalashtirish sezilarli darajada oshgani qayd etildi. So‘nggi to‘rt yil ichida bioxilma-xillikni asrashga yo‘naltirilgan xarajatlar uch baravardan oshib, 1 milliard AQSH dollariga yetdi.

O‘zbekistonning asosiy ustuvor yo‘nalishlari qatorida degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklash, raqamli monitoring texnologiyalarini joriy etish, noyob hayvon va o‘simlik turlarini saqlash, shuningdek, transchegaraviy tabiiy hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish belgilangan.

Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar va ilmiy salohiyatni jalb etish maqsadida O‘zbekiston sammitda uchta tashabbusni ilgari surdi.

Birinchi tashabbus — qurg‘oqchil hududlar ekotizimlari bo‘yicha Xalqaro xab tashkil etish. Ushbu tashabbus ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash hamda cho‘l hududlari, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasining bioxilma-xilligini saqlashga qaratilgan.

Ikkinchi tashabbus — «Green University» negizida tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo va Kavkaz sun’iy intellekt maktabini tashkil etish hamda AI-Ranger dasturini ishga tushirish. Loyiha sun’iy intellekt, sun’iy yo‘ldosh monitoringi va uchuvchisiz uchish texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni nazarda tutadi. Ushbu texnologiyalar brakonyerlik, noqonuniy daraxt kesish va tabiiy yong‘inlarni aniqlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Uchinchi tashabbus — 2030-yilga qadar Markaziy Osiyoning transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlari tarmog‘ini shakllantirish. Bunda beshta ustuvor landshaftni belgilash ko‘zda tutilgan. Bu ekotizimlarni tiklash, hayvonlarning migratsiya yo‘laklarini saqlash va sayg‘oq hamda qor qoploni kabi noyob turlarni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Mazkur tashabbuslarning amalga oshirilishi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro moliyalashtirish va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, shuningdek, bioxilma-xillikni muhofaza qilish borasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi rolini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

https://gov.uz/oz/eco/news/view/234530

Scroll to Top