O‘zbekiston va OTB ekologiya hamda iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va OTB ekologiya hamda iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) O‘zbekistondagi direktori Kanokpan Lao-Araiya bilan uchrashdi.

Uchrashuvda iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, cho‘llanish va chang-to‘zonlarga qarshi kurashish, atmosfera havosi sifatini yaxshilash, iqlim ma’lumotlari va monitoring tizimlarini rivojlantirish, iqlimni moliyalashtirish, chiqindilarni barqaror boshqarish hamda “yashil” texnologiyalarni joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.

Uchrashuv doirasida Ekologiya qo‘mitasi va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ham qayd etildi. Tomonlar mas’ul vakillarni tayinlash, umumiy manfaatlarni birlashtirish hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini kelishib olishni nazarda tutuvchi yagona hamkorlik kanalini belgilashni taklif qildilar. Shuningdek, OTB tomonidan Ekologiya qo‘mitasi uchun uzoq muddatli iqlim maslahatchisini jalb etish to‘g‘risida qabul qilingan qaror alohida ta’kidlandi. Mazkur maslahatchi ekspertlik, texnik va moliyaviy ko‘makni amaliy jihatdan muvofiqlashtirishga ko‘maklashadi.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida OTBning «Toza havo» tashabbusini amalga oshirish uchun texnik ko‘mak ajratishi, shuningdek, cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha alohida loyiha tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar xalqaro iqlim moliyalashtirishini jalb etish bo‘yicha ishlarni davom ettirish hamda 2–3 ta ustuvor tashabbusga e’tibor qaratishga kelishib oldilar. Mazkur tashabbuslar aniq muddatlar, mas’ul tomonlar va moliyalashtirish manbalari belgilangan holda tezkor ravishda amaliy loyihalarga aylantirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Tomonlar qiymati 112 million AQSh dollarini tashkil etuvchi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasini davom ettirish muhimligini ham ta’kidladilar. Mazkur loyiha chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish va qariyb 4 million kishini chiqindilarni yig‘ish xizmatlari bilan qamrab olishni kengaytirishga qaratilgan.

Yakunda tomonlar istiqbolli loyihalar ishlab chiqish, texnik va moliyaviy resurslarni jalb etish hamda aniq natijalarga erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirishga kelishib oldilar.

https://gov.uz/oz/eco/news/view/229264

Scroll to Top