O‘zbekistonda Kartaxena protokoli doirasida bioxavfsizlik bo‘yicha milliy tashabbus ishga tushirildi

O‘zbekistonda Kartaxena protokoli doirasida bioxavfsizlik bo‘yicha milliy tashabbus ishga tushirildi

2-iyun kuni «Eco Expo Central Asia 2026» xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “O‘zbekistonda bioxavfsizlik tashabbusining ishga tushirilishi: Kartaxena protokolini targ‘ib qilish” mavzusida sayd-ivent bo‘lib o‘tdi. Tadbir Global ekologik fond (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Kartaxena bioxavfsizlik protokoliga muvofiq O‘zbekistonda milliy bioxavfsizlik tizimini joriy etish” loyihasining rasmiy ishga tushirilishiga bag‘ishlandi.

Tadbir O‘zbekistonning xalqaro ekologik majburiyatlari, xususan, Kartaxena bioxavfsizlik protokoliga muvofiq milliy bioxavfsizlik tizimini mustahkamlashga qaratilgan loyiha maqsadlari va kutilayotgan natijalarini taqdim etish uchun yuqori darajadagi muloqot maydoniga aylandi.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bosh direktori doktor Gretel Agilar, Global ekologik fond (GEF) va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bo‘linmasi rahbari Jeffri Griffin hamda Bioxilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya kotibiyati Amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash guruhi direktori Asad Naqvi tabrik so‘zlari bilan murojaat qildilar. IUCNning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Oliver Avramoski esa moderator sifatida ishtirok etdi.

Aziz Abduhakimov o‘z nutqida loyihaning ishga tushirilishi ekologik boshqaruv doirasidan ancha kengroq ahamiyatga ega ekanini va O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi hamda savdo integratsiyasi bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidladi. Qayd etilishicha, mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi harakatlari jarayonida qishloq xo‘jaligi savdosi va sanitariya choralariga oid xalqaro standartlarga mos, shaffof hamda ilmiy asoslangan bioxavfsizlik tizimini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, Yevroosiyoning muhim tranzit yo‘laklari bo‘ylab joylashgan davlat sifatida O‘zbekiston tirik modifikatsiyalangan organizmlarning transchegaraviy harakati bilan bog‘liq xavflarga tobora ko‘proq duch kelayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan laboratoriya salohiyatini rivojlantirish, monitoring tizimlarini takomillashtirish va chegara nazoratini kuchaytirish strategik ustuvor yo‘nalish sifatida baholandi.

Tadbir davomida loyiha bioxavfsizlik sohasidagi milliy siyosat va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, idoralararo muvofiqlashtirishni mustahkamlash, texnik va laboratoriya salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, tirik modifikatsiyalangan organizmlar bilan bog‘liq xavflarni baholash, monitoring qilish va boshqarish tizimlarini takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Ishtirokchilar bioxavfsizlik, bioxilma-xillikni asrash va ekologik xavfsizlik sohasidagi xalqaro majburiyatlarni samarali amalga oshirish muhimligini, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi milliy nazorat va tezkor javob mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Sayd-ivent doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) o‘rtasida Maqsadlar to‘g‘risidagi bayonot imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur hujjat bioxilma-xillikni saqlash, bioxavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, iqlim barqarorligini mustahkamlash va ekotizimlarni tiklash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Tomonlar milliy salohiyatni mustahkamlash, institutsional muvofiqlashtirishni takomillashtirish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish hamda bioxavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlik qilish niyatlarini bildirdilar. Shuningdek, mamlakatlarga global ekologik majburiyatlarni aniq milliy harakatlar va amaliy choralarga aylantirishda ko‘maklashuvchi xalqaro hamkorlik va Global ekologik jamg‘arma mexanizmlarining o‘rni alohida ta’kidlandi.

https://gov.uz/oz/eco/news/view/171985

Scroll to Top