
Birinchi hamkorlik bitimi Agentlik direktori Erkin Muhiddinov hamda Xitoyning Ningxua o‘rmon xo‘jaligi va yaylovlar boshqarmasi boshlig‘i Vu Syaruy tomonidan imzolandi. Hujjat mintaqaning ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish maqsadida himoya o‘rmonzorlari barpo etish, zamonaviy ko‘chatxonalar va onalik plantatsiyalarini tashkil etish, barqaror o‘rmon xo‘jaligi va “yashil” sanoatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, tomonlar suv resurslaridan oqilona foydalanish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, tuproq sho‘rlanishining oldini olish hamda ekotizimlarni bosqichma-bosqich mustahkamlash masalalarida hamkorlik qiladi.
Uchrashuv davomida qo‘shma loyihalarni tizimli ravishda amalga oshirish, soha mutaxassislarini jalb etish va moliyalashtirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ikkinchi hamkorlik bitimi Xitoyning “Yinchuan Wolsenn Modern Irrigation Co., Ltd” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chen Lin o‘rtasida imzolandi. Unga ko‘ra, Xitoy tomoni O‘zbekistonga suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini (fertigasiyalash tizimini) yetkazib beradi va mahalliy mutaxassislarni ushbu texnologiyalar bilan ishlash bo‘yicha muntazam o‘qitib boradi. Zamonaviy xitoy texnologiyalarining joriy etilishi mamlakatimizda yangi o‘rmon massivlarini yaratish va cho‘llanishga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini sezilarli darajada oshirishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, fertigasiyalash — bu sug‘orish suvi va o‘simliklar uchun zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlarni yagona tizim orqali bevosita ildiz qismiga bir vaqtning o‘zida yetkazib berish jarayonidir. Ushbu zamonaviy agrotexnologiya, odatda, tomchilatib sug‘orish tizimlari bilan birgalikda qo‘llaniladi. Natijada ozuqa moddalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simlik ildiziga yetkaziladi, o‘g‘it sarfi 20–50 foizga qisqaradi, o‘g‘itlash va sug‘orish jarayonlari esa yagona texnologik sikl doirasida avtomatlashtiriladi, bu esa mehnat sarfini sezilarli kamaytiradi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil davomida Agentlik tomonidan xitoylik hamkorlar bilan birgalikda qator samarali loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, respublikaning Arnasoy, Karmana, Muborak, Qorako‘l va Nukus tumanlarida galofit o‘simliklar ko‘chatxonalari tashkil etildi. Xitoydan O‘zbekistonga 1,4 ming tonna galofit urug‘lari olib kelindi. Hozirda ulardan ko‘chatlar yetishtirish ishlari boshlab yuborilgan.
Bundan tashqari, joriy yildan boshlab Agentlik va Xitoyning “Sinoway Forest” kompaniyasi hamkorligidagi “Uglerod tashlamalarini yutuvchi o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish va ekotizimlarni tiklash” loyihasi doirasida Surxondaryo viloyatida 5 ming gektar maydonda pista plantatsiyalari barpo etilmoqda.
https://gov.uz/oz/eco/news/view/180504
