


Yig‘ilishda ekologik siyosat sohasida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, “yashil” moliyalashtirishni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishiga moslashuv, barqaror infratuzilma hamda tabiiy resurslarni boshqarish masalalariga e’tibor qaratildi. Jumladan, tadbirda nutq so‘zlagan Jusipbek Kazbekov Oʻzbekistonda bioxilma-xillikni asrash va ekotizimlarni tiklash ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilanganligi hamda davlat mablagʻlari hamda innovatsion moliyaviy mexanizmlar, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etish va moliyaviy tafovutni qisqartirishga qaratilgan BIOFIN tashabbusi orqali izchil qoʻllab-quvvatlanayotganini qayd etdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston “yashil” iqtisodiyotga oʻtish siyosatini izchil ilgari surayotganligi, jumladan, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish orqali 2030-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi “yashil” ulushni 54 foizga yetkazish rejalashtirilgani alohida ta’kidlandi. Bundan tashqari, havo sifatini yaxshilash, tabiiy hududlarni kengaytirish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan kompleks ekologik dasturlar amalga oshirilmoqda.
Muhokamalar davomida “yashil” va barqaror obligatsiyalar bozorini kengaytirish, «Green Taxonomy» mexanizmlarini joriy etish, ekologik tartibga solish tizimlarini takomillashtirish hamda investitsiya oqimlari shaffofligini oshirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi. Shuningdek, Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiya tomonlari konferensiyasining navbatdagi yigʻilishi (CBD COP17) va boshqa xalqaro iqlim hamda ekologik jarayonlarga tayyorgarlik koʻrish, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, «EU4ClimateResilience», «EU4Green Recovery East», PROGRESS dasturlari, shuningdek, barqaror infratuzilma va energitika–suv–yer (Energy–Water–Land Nexus) yondashuviga asoslangan loyihalar muhokama qilindi. Ushbu tashabbuslar iqtisodiyot barqarorligini oshirish va tabiatga asoslangan yechimlarni (Nature-based Solutions) rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, 2027–2028-yillar uchun «GREEN Action Task Force» Byurosi tarkibini shakllantirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Yakunda ekologiya vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov nomzodi Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari nomidan hamrais lavozimiga ilgari surildi. Bu O‘zbekiston tarixida ilk bora kuzatilmoqda va mamlakatning mintaqaviy ekologik hamda iqlim kun tartibini ilgari surishdagi roli tobora ortib borayotganini tasdiqlaydi.
https://gov.uz/oz/eco/news/view/180189
