Iqlim o‘zgarishlari migratsiyaning asosiy sabablaridan biriga aylanayotganligi ta’kidlandi

Iqlim o‘zgarishlari migratsiyaning asosiy sabablaridan biriga aylanayotganligi ta’kidlandi

19-may kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi vakillari Toshkent xalqaro migratsiya forumida ishtirok etdi. Forum doirasida “Migratsiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi” mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ochilishida Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov nutq so‘zladi. U o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi allaqachon Markaziy Osiyoning tabiiy resurslari, qishloq xo‘jaligi, suv xavfsizligi va ekotizimlar barqarorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgani, shuningdek, iqlim omillari aholi mobilligi ortishining asosiy sabablaridan biriga aylanayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, migratsiya va inson mobilligi masalalarini iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha milliy hamda tarmoq rejalari bilan integratsiya qilish, ilmiy-tahliliy bazani mustahkamlash, idoralararo va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish zarurligi qayd etildi. O‘zbekistonning iqlim migratsiyasi bo‘yicha Global paktni ishlab chiqish hamda “Iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi mobilligi masalalari bo‘yicha mintaqaviy deklaratsiya”ni ilgari surish bo‘yicha tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi.

Panel muhokamasi doirasida Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattarov ham so‘zga chiqib, iqlimiy mobillik va mintaqaviy hamkorlik masalalariga e’tibor qaratdi.

Forum doirasida Ekologiya qo‘mitasi vakillari hamda Xalqaro migratsiya tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Artur Erken hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti rahbari Endryu Grey o‘rtasida uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Unda iqlim o‘zgarishi, migratsiya va barqaror rivojlanish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari va bu boradagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Migrantlar salomatligiga ekstremal issiqning ta’sirini o‘rganish hamda iqlim xatarlariga duch kelgan hududlardagi migrant oilalari xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Orol inqirozi oqibatlari bilan bog‘liq aholi migratsiyasi muammosiga ham e’tibor qaratildi. BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish va eng zaif jamoalarni xalqaro qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yakunda tomonlar iqlimga moslashuv, barqaror rivojlanish va iqlim omillari bilan bog‘liq aholi mobilligini boshqarish sohalarida hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish borasida o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqlashdi.

https://gov.uz/oz/eco/news/view/167458

Scroll to Top