Xitoyning cho‘llanishga qarshi kurash sohasidagi ilg‘or tajribasi o‘rganilmoqda

Xitoyning cho‘llanishga qarshi kurash sohasidagi ilg‘or tajribasi o‘rganilmoqda

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi “Green University”ga qarashli Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit tadqiqotlari markazida “HSK: Xitoyda ta’lim” mavzusidagi III O‘zbekiston forumi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi vakili Sun Changdun, Xitoy Ta’lim vazirligi huzuridagi Xitoy va xorijiy tillar almashinuvi va hamkorlik markazi, “Chinese Testing International” bosh direktor o‘rinbosari Lyu Syaolun, Xitoy oliy ta’lim muassasalari vakili, Lanchjou universiteti vakili Li Chunlin, “Green University” rektori, professor Baxtiyor Pulatov, XXR va mahalliy universitetlar professorlari, talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov Xitoy bilan ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish sohalaridagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi.

“Green University”ga Xitoyning 26 ta yetakchi universiteti vakillarining tashrif buyurishi ikki mamlakat o‘rtasidagi akademik hamkorlik va o‘zaro ishonch tobora mustahkamlanib borayotganining yorqin ifodasidir, — dedi rais. — Mazkur forum uzoq muddatli institutsional hamkorlikni mustahkamlash, akademik almashinuvni kengaytirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim barqarorligi, “yashil” texnologiyalar, cho‘llanishga qarshi kurash va barqaror rivojlanish kabi muhim yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi”.

Forum davomida ishtirokchilar Xitoy universitetlarining ta’lim dasturlari, bakalavriat, magistratura va doktorantura yo‘nalishlari, grant va stipendiya imkoniyatlari, HSK imtihoni hamda hujjat topshirish tartibi bo‘yicha bevosita ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, forum doirasida Xitoy universitetlari vakillari bilan uchrashuvlar, ta’lim dasturlari taqdimotlari hamda O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, forumning mantiqiy davomi sifatida “Markaziy Osiyoda cho‘llanishga qarshi kurash texnologiyalari” mavzusida xalqaro o‘quv seminari ham bo‘lib o‘tadi. Seminar Xitoy fanlar akademiyasi tarkibidagi Shinjon ekologiya va geografiya instituti, “Shimoli-g‘arbiy ekologiya, atrof-muhit va resurslar instituti” hamda XXR Ta’lim vazirligi huzuridagi Til bo‘yicha ta’lim va hamkorlik markazi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Asosiy maqsad “Xitoy — Markaziy Osiyo umumiy kelajak hamjamiyati” tashabbusini amaliy mazmun bilan boyitish hamda davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga hissa qo‘shishdir.

Shuningdek, seminardan Xitoyning cho‘llanishga qarshi kurash sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsad qilingan. Unda cho‘llanishning oldini olish, suvni tejovchi qishloq xo‘jaligi, sho‘rlangan yerlarni rekultivatsiya qilish, ekologik tiklash va yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar, mahsulotlar va amaliy yechimlar taqdim etiladi. Qolaversa, ilmiy-texnikaviy va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha mintaqaviy platformani shakllantirish hamda “Xitoy texnologiyalari + Markaziy Osiyo amaliyoti” modelini mahalliylashtirish rag‘batlantiriladi.

Seminarda 60 dan ortiq xitoylik olim va mutaxassislar “Green University” hamda uning tizim tashkilotlarning qariyb 60 nafar mutaxassislari bilan birgalikda ilmiy almashinuv, amaliy treninglar va dala hamkorligida ishtirok etadilar. Kun tartibiga Jizzaxda joylashgan galofit bog‘i hamda Toshkent viloyatiga tashriflar amalga oshirilishi kiritilgan. Natijada Cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti mintaqada cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha doimiy o‘quv va malaka oshirish markazi sifatida rivojlantiriladi.

Seminar Xitoy — Markaziy Osiyo hamkorligi doirasida cho‘llanishga qarshi kurashni mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida rivojlantirish, ekologik barqaror taraqqiyotni ta’minlash va resurslarni tejashga asoslangan “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etishga xizmat qiladi.

https://gov.uz/oz/eco/news/view/166878

Scroll to Top