


Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda mahalliy vazirlik va idoralar, BMTning doimiy koordinator ofisi, BMT agentliklari, xalqaro moliya institutlari, xalqaro taraqqiyot tashkilotlari, ikki tomonlama donorlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, NDC bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi guruhning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Seminarda nutq so‘zlagan Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov iqlim o‘zgarishining kundalik oqibatlari — yer degradatsiyasi, suv resurslarining qisqarishi, uzoq davom etuvchi qurg‘oqchiliklar, chang va qum bo‘ronlari — aholi salomatligi va iqtisodiyot barqarorligiga allaqachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi va Parij kelishuvi doirasidagi majburiyatlarga sodiq qolishini qayd etdi.
Rais o‘rinbosari, shuningdek, 2025-yil noyabr oyida qabul qilingan “NDC 3.0”ning strategik ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu hujjat 2010-yilga nisbatan 2035-yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 50 foizga qisqartirish maqsadini belgilab beradi. Shuningdek, u yangilangan iqlim maqsadlari «yashil rivojlanish» ustuvor yo‘nalishlariga, jumladan, qayta tiklanuvchi energetikani jadal rivojlantirish siyosatiga tayanayotganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, “NDC 3.0” 2025-yil noyabr oyida Braziliyaning Belen shahrida bo‘lib o‘tgan COP-30 konferensiyasida xalqaro hamjamiyatga rasman taqdim etildi. Unda Markaziy Osiyoning iqlim o‘zgarishiga nisbatan yuqori darajada zaif ekanligi, yer degradatsiyasi kuchayishi va suv resurslarining qisqarib borayotgani qayd etilib, oqibatlarni yumshatish va moslashuv bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish muhimligini ta’kidlandi.
J. Kazbekov “NDC 3.0”ni tayyorlash natijalari amaliy choralarni tezlashtirish va moliyaviy resurslarni safarbar etish zarurligini ko‘rsatmoqda: baholashlarga ko‘ra, faqatgina moslashuv 2035-yilga qadar 30 milliard AQSh dollarigacha mablag‘ni talab qilishi mumkin. Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomonidan suv resurslari va qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, energiya samarador binolar, shuningdek, iqlim bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga javob choralarini qamrab olgan beshta sohaviy moslashuv rejasi ishlab chiqilgan.
Seminar “NDC 3.0” Yo‘l xaritasini tayyorlash bo‘yicha asosiy qadamlar, xususan, maqsad va ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, idoralar va hamkorlar o‘rtasida rollarni taqsimlash, moliyalashtirish va ijroni monitoring qilishga oid yondashuvlar muhokama qilindi. COP-30 yakunlari bo‘yicha materiallar, Yo‘l xaritasini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuvlar, Global sharh (Global Stocktake) yakunlari asosida BMTTD ko‘magi, shuningdek, O‘zbekistonning 2055-yilga qadar past uglerodli rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasiga oid yondashuvlar taqdim etildi. Vazirliklar, xalqaro moliya institutlari, BMT agentliklari, donorlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari keyingi harakatlar bo‘yicha taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Yakunda seminar ishtirokchilari Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan muhim xalqaro tadbirlar: 2026-yil 31-may – 5-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan “Eco Expo Central Asia” va GEFning 8-Assambleyasiga taklif qilindi.
https://gov.uz/oz/eco/news/view/128406
