Tokioda havo sifati monitoringini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

Tokioda havo sifati monitoringini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattarov boshchiligidagi delegatsiya Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan «Tokyo LEADS: Infrastructure Innovation – Impact, Learning and Adaptation» («Tokyo LEADS: Infratuzilmada innovatsiyalar — ta’sir, o‘rganish va moslashuv») mavzusidagi xalqaro seminarda ishtirok etdi. Tadbir Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki (ADB), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda Yaponiya Hukumati tomonidan tashkil etildi.

Seminarda turli mamlakatlardan davlat tashkilotlari vakillari, tadqiqotchilar hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etib, infratuzilma va ekologik siyosatni ishlab chiqish jarayonida dalillarga asoslangan yondashuvlar, ma’lumotlardan foydalanish va ta’sirni baholash masalalarini muhokama qildilar. Asosiy e’tibor siyosiy samaradorlikni faqat xarajatlar hajmi orqali emas, balki ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik natijalar asosida baholashga o‘tishga qaratildi.

Sessiyalar davomida ishtirokchilar siyosatni ishlab chiqishning dastlabki bosqichida samaradorlikni baholashni inobatga olish, qabul qilinayotgan qarorlarni tahlil qilishda eksperimental va kvazieksperimental usullarni qo‘llash, havo sifatini monitoring qilish va tartibga solishni takomillashtirishda ma’lumotlar, tahlil hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, ekologik ko‘rsatkichlarni byudjet va moliyaviy mexanizmlar bilan bog‘lash masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Taqdimotlar doirasida Farrux Sattarov O‘zbekistonda havo sifatini yaxshilash sohasida olib borilayotgan siyosatni takomillashtirishga qaratilgan yondashuvlarni taqdim etdi. Ular qatoriga eng yaxshi mavjud texnologiyalarga (BAT) asoslangan tartibga solishga bosqichma-bosqich o‘tish, tashlamalar inventarizatsiyasini ishlab chiqish, PM2.5 zarrachalari konsentratsiyasini kamaytirish bo‘yicha uzoq muddatli maqsadlarni belgilash hamda ekologik tartibga solishning iqtisodiy instrumentlarini bosqichma-bosqich joriy etish kiradi.

«Tokyo LEADS» doirasida bo‘lib o‘tgan xalqaro tajriba almashinuvi va professional muloqot ekologik boshqaruvda alohida chora-tadbirlardan tizimli, ma’lumotlarga asoslangan yondashuvga o‘tish muhimligini yana bir bor tasdiqladi hamda iqlim va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

https://gov.uz/oz/eco/news/view/129875

Scroll to Top