

Uchrashuvda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda Afg‘oniston bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston mutaxassislari uchun ekologiya va iqlim o‘zgarishiga moslashuv yo‘nalishlarida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Central Asian Green University) bazasida qisqa muddatli o‘quv dasturlarini tashkil etish, shuningdek, mazkur oliy ta’lim muassasasini Amudaryo havzasidagi mintaqaviy ekologik muammolarni ilmiy o‘rganish jarayonlariga jalb etish bo‘yicha takliflarni taqdim etdi.
Qolaversa, suvni tejashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliyalashtirishni jalb etish, Qo‘shtepa kanalining Amudaryo havzasiga ta’sirini, jumladan, ekologik jihatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida o‘rganishga mo‘ljallangan mustaqil ilmiy monitoring tizimini yaratish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika, savdo va infratuzilma sohalarida hamkorlik istiqbollari bo‘yicha qo‘shma iqtisodiy va ekologik baholashni tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
«Dialogue Action» tashkiloti vakillari O‘zbekistonning ilgari surilgan tashabbuslarini yuksak baholab, hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlar va donor tashkilotlarni jalb etishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
