



Yig‘ilishni Jamoatchilik kengashi raisi Natalya Shivaldova ochib, mamlakat ekologik siyosatini samarali amalga oshirishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ochiq muloqot muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Kun tartibiga muvofiq Qo‘mitaning uchta tarkibiy bo‘linmasi o‘z faoliyati yuzasidan hisobot taqdim etdi.
“Ekologik madaniyat” umummilliy loyihasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Zarrina Abdullayeva aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Taqdimot davomida yoshlar va aholi o‘rtasida ekologik ongni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ma’rifiy tashabbuslar natijalari namoyish etildi. Jumladan, respublika tanlovlari, ekologik aksiyalar, xalqaro ta’lim tadbirlari, ekologik volontyorlikni rivojlantirish loyihalari hamda Aholining ekologik madaniyatini 2030-yilgacha yuksaltirish konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan dasturlar haqida so‘z yuritildi.
Ekologik ta’lim bo‘limi boshlig‘i Jahongirmirzo Mirzoqobulov Jamoatchilik kengashi a’zolarini ekologik ta’lim tizimining rivojlanishi bilan tanishtirdi. Xususan, «Green University» faoliyati, ilmiy-tadqiqot institutlari tarmog‘i, 14 ta “yashil” texnikumning tashkil etilishi, dual ta’lim tizimining joriy etilishi, ilmiy salohiyatni rivojlantirish hamda mamlakat “yashil” iqtisodiyoti uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab “yashil” texnikumlarda 36 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 7 mingdan ortiq talaba tahsil ola boshlaydi.
Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi vakili markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdi. Hisobotda milliy ekologik sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, “Yashil belgi” ekologik markirovkasini joriy etish, xavfli chiqindilar va ishlab chiqarish jarayonlarini sertifikatlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, atmosfera havosi sifatini monitoring qilish tizimini rivojlantirish, shuningdek, tasdiqlangan ekologik baholashsiz amalga oshirilayotgan “yashil” marketingga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yoritildi.
Hisobotlar tinglangach, Jamoatchilik kengashi a’zolari taqdim etilgan materiallarni muhokama qilib, bo‘linmalar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ekologik tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar. Yig‘ilish yakunida Qo‘mita faoliyati samaradorligini oshirish, ekologik ta’limni rivojlantirish, jamiyatning ekologik madaniyatini yuksaltirish va mamlakatda ekologik sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
https://gov.uz/oz/eco/news/view/198198
